1 noyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

1 noyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

2021 yil 1 noyabrdan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.
Xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik maoshlari 35 foizga oshiriladi

Prezident farmoni bilan:
a) hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35 foizga oshiriladi;
b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi;
g) tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da ro‘yxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz chegirma beriladi
Prezident farmoniga muvofiq, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llanadi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari, «Lisenziya» axborot tizimi hamda YaIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi.

Onkologik va gematologik bemorlarning hududlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga kelish xarajatlari qoplab beriladi
Hukumat qaroriga asosan onkologik va gematologik bemorlarning hududlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlari tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ayrim tibbiy xizmatlar budjet hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi
Prezident qaroriga asosan respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi
Prezident qaroriga asosan «Mehr daftari» tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.

Davlat tibbiyot muassasalarining rahbarlari sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqaruv kurslarida o‘qitiladi
Prezident qaroriga binoan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Hukumat qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi — oilaviy zo‘ravonlik holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlarini hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika markazini, shuningdek, bunday markazlar borligi haqida jabrlanganlarni xabardor qiladigan tartib joriy etiladi.скачать dle 12.1

O‘xshash yangiliklar

YOPISH