2021 yil 24 avgust kuni Navoiy viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasida “Zamonaviy usullar orqali maktabgacha ta'lim sifatini ta'minlash” mavzusida onlayn avgust konferensiyasi o‘tkazildi. Unda boshqarma bo‘lim boshliqlari, muataxassislari, Navoiy shahridagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktorlari hamda tuman, shaharlardagi studiyalarda bo‘lim mudirlari, bo‘lim mutaxassislari va MTT direktorlari onlayn tazda ishtirok etishdi. Konferensiya ishini dastlab boshqarma boshlig’i v.v.b O‘.Tillaev kirish so‘zi bilan ochib, Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 2021-2022 oʻquv yili uchun belgilab berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, maqsadi haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, o‘tgan 2020-2021 o‘quv yilida sohada erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va istiqboldagi vazifalarga to‘xtaldi. Shundan so‘ng, kun tartibidagi masalalarga navbat berilib, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari F.Idieva tomonidan “2020-2021 o‘quv yili natijalarining sarhisobi va 2021-2022 o‘quv yili uchun belgilangan yillik vazifalar bilan tanishtirib o‘tildi. Xususan, birinchi vazifa - O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta'lim va tarbiya” to‘g‘risidagi Qonuni targ‘iboti, ikkinchi vazifa - “Ilk qadam” Davlat o‘quv dasturi, bolalarni rivojlantirishning variativ dasturlari, 6-7 yoshli bolalarni maktabga sifatli tayyorlashning “Ilm yo‘li” variativ o‘quv dasturi, 2-7 yoshli alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalar uchun moslashtirilgan o‘quv dasturlarini takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, uchinchi vazifa - Maktabgacha yoshdagi bolalarda elementar matematikaga oid tasavvurlarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy talablar va ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda yangi yondashuvlarni joriy etish, to‘rtinchi vazifa - Ta'lim-tarbiya jarayonida onlayn va oflayn ta'lim berishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagog xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish hamda beshinchi vazifa - Bolalar faoliyatining barcha turlarini rivojlantirish orqali bolalarda sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi bilim va talablarni shakllantirish, COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklarni oldini olishga qaratilgan madaniy-gigienik ko‘nikmalarini oshirish uchun ta'lim jarayonining barcha ishtirokchilari - pedagoglar, maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbarlari, tibbiyot xodimlari va ota-onalarning hamkorlik ishlarini takomillashtirish va mustahkamlash yo‘nalishlari bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi.
Ma'lumot berilganidek, viloyatdagi barcha, ya'ni 204 ta davlat MTTlari “Ilk qadam” o‘quv dasturi bilan ta'minlandi. 3 ming nafar pedagog-xodimlarga seminar treninglar o‘tkazildi, 700 nafar pedagoglarning malakasi oshirildi, Chet tilini o‘rganish loyihasi doirasida Zarafshon shahrida Finlyandiya davlati bilan memorandum imzolandi, 8 ta uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqildi, Respublikada 4 ta qo‘llanma va tavsiyalar, 28 ta viloyatda, tuman, (shahar)da esa 56 tasi ommalashtirildi, 50 dan ziyod ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi, 12 nafar tarbiyalanuvchilar shaxmat, gimnastika, mental arifmetika kabi respublika ko‘rik tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, boshqarmaning ta'lim sifatini ta'minlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i L. Rajabova “Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatini oshirishda uslubiy birlashmalarning o‘rni va vazifalari”ga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, uslubiy birlashmalarning maqsadi haqida gapirar ekan, uslubiy birlashmalar tuman (shahar) maktabgacha ta'lim bo‘limlari qoshida tashkil etilishi, barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining har bir yo‘nalishi bo‘yicha maktabgacha yoshdagi turli yosh davrlariga tegishli ta'lim faoliyatini muvofiqlashtirib, ilg‘or tajriba va tashabbuslarni amaliyotga tadbiq etilishi, MTTlar pedagoglarining kasb-mahoratini oshirishda muntazam “O‘z ishining ustasi”, “Mahorat maktabi”, amaliy ochiq mashg‘ulotlar, ta'limiy va didaktik o‘yinlar ko‘rgazmalarini tashkil etilishi, innovatsion texnologiyalarni o‘rganish va keng targ‘ib qilish, seminar treninglar tashkil etish orqali doimiy metodik yordamni ko‘rsatishdan iborat ekanligini ta'kidladi. Kun tartibidagi keyingi masalalar, “Navoiy pedagogika kollejida dual tizim bo‘yicha kadrlar tayyorlashning istiqbollari" (D.Xamroev - Navoiy pedagogika kolleji direktori), “Ta'lim –tarbiya jarayonlariga noan'anaviy yondashuv bo‘yicha Zarafshon shahri tajribasi” (M.Tursunova - Zarafshon shahri maktabgacha ta'lim bo‘lim mudiri), “Nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifati va pedagoglar salohiyatini oshirish” (N. Xalilova –Karmana tumani maktabgacha ta'lim bo‘lim mudiri) kabi masalalarda ishtirokchilarning ma'ruzalari eshitilib, muhokama etildi. Konferensiya so‘ngida bugungi erishilgan natijalar sarhisob qilindi va avgust seminaridan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi hamda maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda olib borayotgan samarali mehnatlari va qo‘shayotgan hissasi uchun bir guruh pedagog-tarbiyachilar munosib taqdirlandi.
Avgust konferensiyasi tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlarida an'anaviy tarzda davom etmoqda.
Navoiy viloyati MTB
Axborot xizmati
