RASMIY MUNOSABAT!

RASMIY MUNOSABAT!

RASMIY MUNOSABAT

Navoiy viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan «Hozir o‘ldirib tashlayman» aytilishicha Narpay 11-sonli bolalar bog‘chasidagi holat ekan. 3 yoshli bolalarga shunday munosabat qilish qanchalik qolipga to‘g‘ri keladi? sarlavhali ma’lumotlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Ushbu videolavhada qayd etilgan ma’lumotlar 2022-yilning 16-avgust kuni viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi, Karmana tumani hokimligi va Karmana tumani MTB rahbar va mas’ullari tomonidan joyiga borgan holda ota-onalar ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi.

Haqiqattan ham,  ushbu videolavhadagi holat Karmana tumanidagi
11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tegishli bo‘lib, ushbu tarbiyalanuvchilarga tahdid ma’nosidagi “Hozir o‘ldirib tashlayman” so‘zlari shu tashkilotning “Qaldirg‘och” guruhi tarbiyachisi M.Qodirova tomonidan aytilganligi ma’lum bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari bolalarga professional darajada ta’lim va tarbiya berishi, pedagogik etikaga rioya etishi, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, bolalarni zo‘ravonlik ko‘rinishlaridan himoya qilishi, ularni vatanparvarlik, mehnatga, qonuniy vakillariga hurmat bilan va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashi, maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturini bajarishi, o‘z malakasini oshirishi o‘z kasbiy ko‘nikmalarini va pedagogik mahoratini takomillashtirishi shartligi belgilangan. 

Ushbu pedagog tomonidan tarbiyalanuvchilarga “Hozir o‘ldirib tashlayman” deb aytilgan so‘zlari pedagogik etikaga ziddir va viloyat MTB bu holat uchun ota-onalardan uzr so‘raydi. 

Yuqoridagilarga ko‘ra, tarbiyachi M.Qodirovaga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi hamda mazkur videolavha vakolati doirasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, qonuniy qaror qabul qilishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga rasman taqdim etilishi ta’minlanadi.

Viloyat Maktabgacha talim boshqarmasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga va ularda sodir etilayotgan turli holatlarga befarq bo‘lmagan ota-onalar hamda jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelgusida ham doimiy hamkorlik ishlarini olib borishga tayyor.


Navoiy viloyati Maktabgacha ta’lim

boshqarmasi matbuot xizmati

скачать dle 12.1

O‘xshash yangiliklar

YOPISH