Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Bizga kelgan murojaatga ko‘ra Navoiydagi bog‘chalarning birida 4 bola uchun berilgan poldnik ovqat ekanligi aytilmoqda” sarlavhali ma’lumotlar va foto lavhalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur holat va foto lavhalar Navoiy shahridagi 5-sonli davlat MTTga (10.5 soatli) tegishli bo‘lib, joriy yilning 19-aprel kuni ertalab soat 08.30 da boshqarma boshlig‘ining Maktabgacha ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari U.Tillayev boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan shu MTTga borgan holda tegishli mas’ullar va ayrim ota-onalar ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi.
Xususan, o‘rganish davomida ushbu foto lavhalar "Yulduzcha" nomli kichik guruhiga tegishli ekanligi aniqlanib, uni shu guruh tarbiyalanuvchisining onasi (ism-sharifi ochiqlanishini istamagan) 18-aprel kuni soat taxminan 15:00-15:10lar atrofida farzandini MTTdan barvaqtroq olib ketish uchun kelgan vaqtda o‘zining shaxsiy qo‘l telefoniga olganligi va holat bo‘yicha MTTning rahbar va mas’ullaridan izoh so‘ramasdan va holatlarni to‘g‘ri tushunmasdan, o‘zicha talqin qilib, ayrim ijtimoy tarmoqlarga tashlab berganligi ma’lum bo‘ldi.
Aslida holat quyidagicha bo‘lgan. Ushbu MTTda tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lib, unga "Ahmad-Karmana" MCHJ tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. 18-aprel kuni SanQvaM bo‘yicha taomnomada ertalabki nonushtaga mani bo‘tqasi (kasha), ustiga qiyom (povidlo) surtilgan non, shakarli choy, tushlikka lavlagili salat, arpa yormasi (perlovka) solingan suyuq ovqat (smetana bilan), go‘shtli somsa, mevali sharbat, non, ikkinchi tushlikka (bolalar uyqudan turgandan so‘ng) qaynatilgan makaron (pishloq bilan birga), non, shakarli choy, olma ko‘rsatilgan va shu kuni shu ovqatlar har bir tarbiyalanuvchiga me’yor bo‘yicha alohida alohida to‘liq berilgan.
Shuningdek, "Yulduzcha" guruhidagi farzandini o‘zining shaxsiy ishlari borligi vaji bilan barvaqt olib ketish uchun kelgan ona uyqudan turgan tarbiyalanuvchilarga yordamchi tarbiyachi tomonidan endi ikkinchi tushlik berilishi arafasida, ushbu foto lavhada ko‘rsatilgan tarbiyalanuvchining bir o‘zi uchun alohida berilgan qaynatilgan makaron (pishloq bilan birga)ni ko‘rinishi unga yoqmaganligi uchun shu likopchaga stol ustida turgan 4 dona qoshiqni onani o‘zi qo‘yib, rasmga olganligini, aslida foto lavhadagi bitta likobchadagi ovqat 4 nafar tarbiyalanuvchilarga berilmaganligini uni o‘zi ma’lum qilib, bu ishi noto‘g‘ri ekanligini anglab, keyinchalik MTT ma’muriyatidan uzr so‘ragan.
Aslida 18 aprel kuni ikkinchi tushlikka (bolalar uyqudan turgandan so‘ng) qaynatilgan makaron (pishloq bilan birga), non, shakarli choy, olma berilgan.
Shu bilan birga, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan, keng jamoatchilikdan va OAVlaridan olingan (tarqatilayotgan) ma’lumotlarni va bildirilayotgan fikrlarni qay darajada asosli va haqqoniyligiga e’tibor berishlarini so‘rab qolamiz.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim muassasalarida sodir etilayotgan turli holatlarga befarq bo‘lmagan ota-onalar hamda jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelgusida ham doimiy hamkorlik ishlarini olib borishga tayyor.